Abstract
Ushbu maqolada antropogen sho‘rlanish sharoitida degradatsiyaga uchragan tuproqlarda ekotizim barqarorligini tiklash mexanizmlari o‘rganilgan. Tadqiqot obyekti sifatida Jizzax viloyati G‘allaorol tumani hududidagi kuchli sho‘rlangan tuproqlar tanlab olingan bo‘lib, asosiy e’tibor Glycyrrhiza glabra L. (shirinmiya) o‘simligining biomeliorativ xususiyatlariga qaratilgan. Tadqiqot davomida tuproqning dastlabki agrokimyoviy ko‘rsatkichlari, jumladan suvda eruvchan tuzlar miqdori (2,9–3,0 %) va xlor anionlari (0,30–0,40 %) aniqlangan. Vegetatsiya davrida olib borilgan sug‘orish ishlari va o‘simlikning ildiz tizimi rivojlanishi natijasida tuproqdagi tuzlarning pastki qatlamlarga yuvilishi hamda ularning umumiy miqdori kamayishi kuzatilgan. Birinchi vegetatsiya davri oxiriga kelib suvda eruvchan tuzlar 2,13 % gacha, xlor anionlari esa 0,07–0,08 % gacha kamaygan.
Natijalar shuni ko‘rsatadiki, shirinmiya o‘simligi tuproqning suv-tuz rejimini tartibga solishda, kapillyar namlik harakatini cheklashda va tuzlarning vertikal migratsiyasini o‘zgartirishda muhim rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, u tuproq strukturasi va biologik faolligini yaxshilab, agroekotizimning ekologik barqarorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bois, Glycyrrhiza glabra L. sho‘rlangan tuproqlarni tabiiy yo‘l bilan tiklashda samarali biomeliorativ vosita sifatida tavsiya etiladi.